“NASAF” professional futbol klubi tarixi

Barchaga maʼlumki, odatda har bir mamlakatning har qanday jamoasi yuqori ligada qatnashish huquqini qoʻlga kiritish uchun dastlab undan bir pogʻona pastdagi tabaqada gʻolib chiqishi lozim boʻlgan. Ammo boshqa jamoalardan farqli ravishda “Nasaf” oʻziga xos uslubda oliy ligada paydo boʻlgan. Gap shundaki, 1994-yilda Qashqadaryo viloyati tarixida ilk marotaba Muborakning “Mashʼal” jamoasi birinchi ligada gʻoliblikni qoʻlga kiritib, kelgusi mavsumdan kuchlilar safida qatnasha boshladi. Ammo yosh, tajribasiz, asosan mahalliy yigitlardan tashkil topgan jamoa ikki yil bir amallab oliy ligada oʻz oʻrnini saqlab qoldi. Oʻsha tarkibda hozirda barcha yaxshi taniydigan Asror Aliqulov, Anvar Berdiyev, Oleg Qahhorov singari charm toʻp ustalari harakat qilishgan. 1997 viloyat rahbariyatining saʼy-harakati bilan “Mashʼal” oliy ligadagi oʻz oʻrnini “Nasaf”ga boʻshatib berdi. Bungacha birinchi ligada Qarshi shahri sharafini “Dinamo-Nasaf” (avvalgi nomlari “Geolog”, “Nasaf”) jamoasi himoya qilib kelardi. “Mashʼal” esa birinchi tabaqada “Dinamo-Nasaf” oʻrnini egalladi.Shu tariqa viloyatning ikki jamoasi oʻzaro rokirovkasidan soʻng 1997-yilgi mavsumdan boshlab “Nasaf”ning oliy ligadagi faoliyati boshlandi. Oʻsha yili qarshidagi “Mehnat” stadioni qayta rekonstruksiya qilinib, “Nasaf” markaziy stadioniga aylantirildi. qarshiliklar debyut mavsumni Viktor Borisov murabbiyligida kuchli oltilikda yakunlashga erishishdi.

1998-yilgi mavsumda ham “Nasaf” yanada yuqorilashda davom etdi. Garchi “Andijon”dan qabul qilingan qaqshatqich (0:6) magʻlubiyatdan keyin bosh murabbiy Viktor Borisov isteʼfoga chiqqan boʻlsa-da, uning adashi Viktor Makarov bilan jamoa finishga beshinchi boʻlib yetib keldi. Ammo oʻzining uchinchi mavsumini klub oʻz tarixidagi hozirgacha eng yomon natija — 11-oʻrin bilan yakunladi. Oʻsha 1999-yilgi omadsizlikdan keyin jamoada tub oʻzgarishlar roʻy berdi. Tarkib 80 foizga yangilandi. Jamoaga qoʻqonlik mutaxassis Bahrom Hakimov bosh murabbiy etib tayinlandi. Ushbu murabbiy qoʻl ostida “Nasaf” birin-ketin oʻz tarixidagi eng yuqori choʻqqilarni zabt eta boshladi. XX asrning ilk yillaridayoq “Nasaf” chempionatimizda peshqadamlardan umuman hayiqmaydigan jamoa sifatida gavdalandi. qarshida oʻtgan bellashuvlarda amaldagi chempion “Doʻstlik” va “Neftchi”, “Navbahor”u “Paxtakor” ham magʻlubiyat alamini tatib ortlariga qaytishdi. Oʻsha yili jamoa chempionatda 85 ochko toʻplab, 20 jamoa orasida mavsumni uchinchi pogʻonada yakunladi. Bu qarshiliklarning oliy liga tarixidagi dastlabki medallari edi. Jamoa hujumchisi Zafar Xolmurodov ham chempionat toʻpurarlari bahsida jamoasi singari “bronza” pogʻonani band etdi. Jamoa raqiblari darvozasini 92-marta ishgʻol etgan boʻlsa, shu gollarning salkam uchdan bir qismiga Xolmurodov mualliflik qildi. 2001-yilgi mavsumda ham “Nasaf” yana bronza medalini oʻz muzeyiga olib ketdi.

2001-2002-yilgi Osiyo chempionlari kubogida mamlakat sharafini himoya qilish “Nasaf”ning chekiga tushdi. “Doʻstlik” va “Neftchi” jamoalari bu turnirda qatnashishdan bosh tortgach, bu vazifa “Nasaf”ga yuklandi va qarshilik futbolchilar oʻshanda qitʼada shov-shuvli natijalarni qayd etishgandi. Dastlab Turkmaniston va Tojikiston chempionlari mahv etilgach, BAA da tashkil etilgan guruh bosqichida mezbonlar, Eron hamda Quvayt chempionlariga munosib qarshilik koʻrsatishdi. “Nasaf”chilar mamlakatimiz jamoalari orasida “Neftchi”dan keyin qitʼaning eng nufuzli musobaqasida yarim finalga qadar yetib kelishdi. Albatta mamlakatning uchinchi jamoasining qitʼa turnirida toʻrtinchi pogʻonani egallashi ham ancha yuqori natija hisoblanadi. Oʻzbekiston kubogida ham jamoa finalga qadar yetib keldi va “Paxtakor”ga magʻlub boʻldi (1:3).

2003-2004-yillarda jamoa sovrindorlar safiga kirolmay qolishi natijasida Bahrom Hakimovning “Nasaf”dagi besh yillik faoliyati nihoyasiga yetdi. 2005-yilda ukrainalik Oleg Morozov jamoani boshqaruviga olgach, qarshiliklar birinchi davrani birinchi pogʻonada yakunlashdi. Ammo mavsum oxiriga kelib jamoa uchinchi bor bronza medallarga sazovor boʻldi. 2006-yili Bahrom Hakimov yana “Nasaf”ga qaytdi va jamoa bilan toʻrtinchi marta bronzani qoʻlga kiritdi.

Oliy ligadagi 11-mavsumga kelib asosiy tarkibning oʻzagi bir necha yillardan beri saqlanib qolgan boʻlsa-da, baribir vaqt oʻz hukmini oʻtkaza boshladi. Natijada 2007-yili ikkinchi davrani Fomichyov qoʻl ostida oʻtkazgan qarshiliklar kuchli oltilikda yakunlashdi. 2008-yilgi mavsumda esa “Nasaf” 9 – oʻrin bilan cheklandi. Natijada yil oxiriga kelib klub rahbariyatida jiddiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. “Nasaf”ni oliy ligadagi muvaffaqiyatlariga tamal toshini qoʻygan Bahrom Davlatov jamoa rahbari va menejeri etib tayinlandi. Nafaqat Qashqadaryoda, balki mamlakatimizdagi yetakchi sanoat korxonalaridan biri hisoblangan “Shoʻrtangaz Kimyo” majmuasi klub muassisi va bosh homiysi qilib belgilandi.

2009-yilda Viktor Kumikov qoʻl ostida “Nasaf” futbolchilari mavsumni koʻtarinki ruhda oʻtkazib, uch yillik tanaffusdan keyin beshinchi bor bronza medal egasiga aylanishdi. Mavsum-2010 da esa birinchi davrada jamoani Viktor Kumikov, ikkinchi davradan esa ukrainalik taniqli mutaxassis Anatoliy Vasilevich Demyanenko boshqara boshladi. Natija esa yana – 3-oʻrin. Shuningdek, keyingi ikki yil ichida klub qoshida futbol akademiyasi ish boshladi va oʻzining ilk kurtaklarini berdi. Unga Ukrainadan Sergey Petrovich Kucherenko taklif etildi. Jamoa qoshidagi futbol maktab tarbiyalanuvchilari (1994 — 1995-yilda tugʻilgan) oʻz tengqurlari orasida 2010-yili mamlakat chempioniga aylandi.

2011-yil jamoa tarixidagi eng esda qolarli mavsum sifatida yodda qoladigan boʻldi. Mavsum avvalida tarkibga bir qator tajribali va iqtidorli futbolchilarni jalb etgan qarshiliklar oldiga bir yoʻla uchta musobaqa – Osiyo futbol konfederatsiyasi kubogi, Oʻzbekiston chempionati va kubogi bellashuvlarida muvaffaqiyatli qatnashish vazifasi qoʻyildi. Ukrainalik taniqli mutaxassis Anatoliy Demyanenko qoʻl ostida qarshilik futbolchilar 2011-yili Osiyo Futbol Konfederatsiyasi kubogini qoʻlga kiritishdi.

“Nasaf” 2012-yilgi futbol mavsumini yangi murabbiy qoʻl ostida boshladi. Jamoada ancha yillar toʻp surgan va jamoaning haqiqiy yetakchisi hamda keyingi uch yilda yordamchi murabbiy sifatida faoliyat yuritgan Roʻziqul Berdiyev boshqaruviga oʻtdi. Jamoamizning Osiyo chempionlar ligasidagi ishtiroki ham muvaffaqiyatsiz kechdi. Roʻziqul Berdiyev mavsumning birinchi davrasi yakunlanmasdan turib, bosh murabbiylik lavozimidan ozod qilinadi. Mavsum oxiriga kelib, uning oʻrnida faoliyat yuritgan murabbiyning ishidan qoniqmagan klubimiz rahbariyati yana jamoa boshqaruvini Berdiyevga topshirishadi. Shu yili jamoamiz chempionatni 4-pogʻonada yakunlashdi. Oʻzbekiston Kubogi finalida esa Toshkentning “Bunyodkor” jamoasiga magʻlub boʻldi.

2013-yilgi mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan jamoamiz mavsum oxiriga kelib, peshqadamlar safidan joy oldi. Shu yili jamoamiz yana bronza sovrini sohibiga aylandi va oʻz tarixida toʻrtinchi marta Oʻzbekiston Kubogi finalchisiga aylandi. Ammo finalda Toshkentning “Paxtakor” jamoasiga yutqazib (2:1) qoʻygan jamoamiz billur sovringa egalik qila olmadi. Shu yilgi mavsum yakuni boʻyicha Roʻziqul Berdiyev mamlakatimizning “Eng yaxshi murabbiyi” nominatsiyasi boʻyicha yil laureatiga aylandi. Jamoamiz shuningdek Osiyo chempionlar ligasini pley-offda boshlaydigan boʻldi.

Afsuski, 2014-yilgi Osiyo Chempionlar ligasi pley-off uchrashuvi jamoamiz uchun omadsiz yakunlandi. Jamoamiz safarda Qatarning “Al-Jaish” klubiga 1:5 hisobida imkoniyatni boy berdi va asosiy eʼtiborini ichki chempionatga qaratdi. Natijada “Nasaf” oʻz tarixida sakkizinchi marotaba bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

2015-yilgi futbol mavsumi klubimiz tarixida oʻchmas iz qoldiradigan boʻldi. Yaʼni “Nasaf” oʻz tarixida beshinchi marta Oʻzbekiston Kubogi finaliga chiqib, 17-oktyabr kuni Jizzax shahrida oʻtkazilgan final uchrashuvida Toshkentning “Bunyodkor” klubini 2:1 hisobida magʻlubiyatga uchratdi va Oʻzbekiston Kubogi sohibiga aylandi. Chempionat yakuni boʻyicha toʻqqizinchi marotaba bronza sovrindoriga aylandi.

2016-yilgi futbol mavsumi ham jamoamiz uchun omadli boshlandi. “Nasaf” klubi 2016-yil 17-fevral kuni Toshkent shahridagi muhtasham “Bunyodkor” stadionida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Superkubogi uchrashuvida, amaldagi mamlakat chempioni Toshkentning “Paxtakor” jamoasi ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozondi va oʻz tarixida birinchi marta Oʻzbekiston Superkubogi sohibi boʻldi.

2017-yilgi mavsum jamoamiz uchun koʻtarinki ruhda oʻtdi. “Nasaf” oʻz tarixida ikkinchi bor kumush medalni qoʻlga kiritdi. Ushbu natijaga klubimiz 2011-yili ilk marta erishgan edi. Bu orqali klubimiz OCHL-2018 musobaqasini pley-off bosqichidan boshlaydigan boʻldi. Bundan tashqari jamoamiz ustozi Roʻziqul Berdiyev, murabbiylik faoliyatida uchinchi marta OʻFF tomonidan “Yilning eng yaxshi murabbiyi” sifatida eʼtirof etildi.

Jamoamiz 2018-2019-yillardagi pasayishdan soʻng 2020-yilgi futbol mavsumini kutilganidan ancha yuqori ruhda oʻtkazdi va yakunda oʻz tarixida uchinchi bor kumush medallarni rasmiylashtirib qoʻydi. Eng qiziqarlisi jamoamiz Superliga jamoalari ichida eng yosh jamoa boʻlgani holda ushbu natijaga erishdi. Futbolchilarimizning bu natijaga erishishiga bosh sababchilardan biri boʻlgan Roʻziqul Berdiyev oʻz murabbiylik faoliyati davomida toʻrtinchi bor Oʻzbekistonning eng yaxshi murabbiyi deb topildi. Roʻziqul Berdiyev ushbu sovrinlarning barchasini aynan “Nasaf” bilan qoʻlga kiritgan. 2020-yilda bosh jamoamizdan tashqari oʻrinbosarlar jamoasi ham sovrinli oʻrinlardan joy oldi va chempionatning bronza medallari bilan taqdirlandi. “Nasaf” U-18 jamoasi esa qatorasiga uchinchi marta mamlakat chempionligini qoʻlga kiritdi.

2021-yilda jamoa 10 yillik tanaffusdan soʻng yana OFK Kubogida ishtirok etdi. Bu safargi jamoa 10 yil oldingi jamoadan butunlay farq iladi. Sababi hozirgi jamoaning asosini oʻz vaqtida poydevori qoʻyil “Nasaf” futbol maktabining tarbiyalanuvchilari tashkil etadi. Jamoa yosh boʻlishiga qaramasdan OFK Kubogi finaligacha yetib bordi. Afsuski Bahraynda boʻlib oʻtgan final uchrashuvida maydon egalari “Al Muharraq” jamoasiga magʻlub boʻldi. Joriy mavsumda 41 rasmiy uchrashuv oʻtkazgan jamoa sovrinsiz qolmadi. Samarqandda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Kubogi Finalida qarshiliklar oʻzlarining ashaddiy raqiblaridan biri boʻlgan Toshkentning “Paxtakor” jamoasi bilan kuch sinashdi va yakunda bir kishi kam boʻlib qolgan jamoamiz iroda koʻrsatib 1:2 hisobida gʻalaba qozonishdi.

Erishgan yutuqlari:

Jamoa mamlakat oliy ligasida 1997-yildan beri ishtirok etadi.

Oʻzbekiston chempionatining oliy ligasida oʻn marotaba (2000, 2001, 2005, 2006, 2009, 2010, 2013, 2014, 2015, 2016-yillar) bronza medali sovrindori.

Oʻzbekiston vitse-chempioni, kumush medal sohibi (2011, 2017, 2020).

Oʻzbekiston kubogi ( 2003, 2011. 2012, 2013, 2015, 2016-y.) finalchisi.

Oʻzbekiston kubogi (2015,2021) sohibi.

Oʻzbekiston superkubogi (2016) sohibi.

Osiyo chempionlari kubogi (2002-yil) yarim finalchisi, OFKning “Halol oʻyin uchun” sovrini (2002-yil) sohibi.

Osiyo futbol konfederatsiyasi kubogi sohibi (2011), musobaqaning “Halol oʻyin uchun” sovrini egasi.

Osiyo chempionlar ligasi ishtirokchisi — 2012, 2013, 2015, 2016 va 2018-yillar.

Osiyo futbol konfederatsiyasi kubogi finalchisi (2021), musobaqaning “Halol oʻyin uchun” sovrini egasi.

Jamoa tarkibida eng koʻp maydonga chiqqan oʻyinchi — Roʻziqul Berdiyev (314 marotaba).

Jamoaning eng yaxshi toʻpurari — Zafar Xolmurodov (181 ta).

Bir mavsumda eng koʻp toʻp kiritgan futbolchi— Zafar Xolmurodov (30 ta, 2000-yil).

Eng yirik gʻalabasi — 7:0 (“Metallurg” Bekobod, 2004-yil), 8:1 (“Andijon”, 2004-yil).

Eng yirik magʻlubiyati — 0:6 (“Andijon”, 1998-yil).